Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona va Qoraqalpog‘istonda fuqarolarni pul evaziga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxslarni qo‘lga oldi. Yana bir holatda esa ingliz tili bo‘yicha sertifikat olib bermoqchi bo‘lgan kishi ushlandi.
Urganch davlat universiteti dekani abituriyentni ijodiy imtihondan o‘tkazib qo‘yish uchun taxminan 35 mln so‘m olayotganda qo‘lga olindi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Fuqarolarni 11,5 ming dollar evaziga Toshkent tibbiyot akademiyasiga, 2 ming dollar evaziga esa Samarqanddagi xususiy universitetga o‘qishga kiritib qo‘yishga uringanlikda gumon qilingan shaxslar qo‘lga olindi.
Qarshidagi jamoat salomatligi texnikumi va Farg‘onadagi TATU filialiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, fuqarolardan pul olishda gumonlanganlar qo‘lga olindi.
Qo‘qon davlat pedagogika instituti dekani fuqaroni o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 4 ming dollar olayotganda qo‘lga tushgani aytilmoqda. Bu kabi holat Xorazm viloyatida ham qayd etildi.
DXX tomonidan Andijon davlat tibbiyot instituti dekani o‘rinbosari 16 ming dollar olayotganda qo‘lga olindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Farg‘onada maxsus maktab internat xodimi hamda o‘qituvchi, Toshkent shahrida talaba, Buxoroda esa universitet xodimi fuqarolardan o‘qishga kiritib qo‘yish uchun pul olganlikda gumonlanib ushlandi. Sirdaryo viloyatida ham bir fuqaro 4500 dollar bilan xuddi shu jinoyat bo‘yicha qo‘lga olindi.
Andijonda fuqaroni 10 ming dollar evaziga o‘qishga kiritmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Toshkentda esa Tojikistondan o‘qishni ko‘chirib berishni va’da qilgan gumonlanuvchi 3 ming dollar olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
DXX tomonidan 10,2 ming dollar evaziga Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxs ushlangani aytilmoqda. Gumonlanuvchi oldindan 5 ming dollar olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Toshkentda 5 nafar fuqaro harbiy qismlaridan birida rejalashtirilgan 65 mlrd so‘mlik kapital ta’mirlash ishlarini qurilish firmasi boshlig‘iga olib berish evaziga, shartnoma qiymatining 4 foizi miqdorida pul berishini talab qilgan. Ular oldindan 30 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi. Toshkent viloyatida yana bir shunga o‘xshash holat aniqlandi. Shuningdek, Toshkent viloyatida fuqaroni noqonuniy tarzda o‘qishga kirib qo‘yish hamda Sirdaryo viloyatida kredit berish evaziga pul talab qilish kabi holatlar aniqlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting